Общее·количество·просмотров·страницы

четверг, 14 декабря 2017 г.


SO‘Z QUDRATI

 

Yaxshilar yoninda yurgil sen o‘zing,

Dur bo‘lsin doimo so‘zlagan so‘zing.

Olimlarni o‘qisang ochilar ko‘zing,

Johilni tinglasang ko‘rdek bo‘larsan.

Maxtumquli.

Har bir shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida, jamiyat a’zolari orasida hurmat qozonishida uning samimiyati va muloyimligi alohida ahamiyatga ega hisoblanadi. Muloyim so‘z insonning do‘stlarini ko‘paytiradi, obro‘sini oshiradi, shu orqali boshqalar hurmatiga sazovor bo‘ladi. So‘zni o‘z o‘rnida ishlata bilish ham mahorat sanaladi. Chunki, har xil davralarda: do‘stlar, oila a’zolar, qarindoshlar, kasbdoshlar, hamkorlar, o‘quvchilar yoki yoshlar oldida so‘zlash biror maqsadga yo‘naltirilgani bilan bir-biridan ajralib turadi. Har qaysi kishi o‘zi haqida boshqalarda so‘zlagan so‘zi orqali taassurot qoldiradi.

Hozirgi paytda ayrim tengdoshlarimiz orasida so‘zlashish madaniyatining ancha sayoz ekaniga guvoh bo‘lamiz. Ko‘cha-ko‘yda yoshlarning bir-biriga  qo‘pol, beandishalik bilan uyatli so‘zlarni aytishi yoki so‘kinishi holatlariga ham, afsuski, ro‘baro kelib qolamiz. Bunday so‘zlashuv uslubi qanchalik to‘g‘ri? Bu holga sababchi o‘smirlarning ma’naviyati sustligi, oilada yaxshi tarbiya olmaganligi, ta’lim-tarbiya beruvchilarning e’tiborsizligimi yoki bu hozirgi zamonda “urf”ga aylangan so‘zlashuv “madaniyat”imi? Bunday savollar har bir ziyoli va ma’naviyatli kishiga tinchlik bermasligi tayin!

Axir, bu yanglig‘ muomala, albatta, atrofdagilarga ham ta’sir etadi-ku! Natijada bitta so‘z avtobusdagi yo‘lovchilarning yoki biror bazmdagi davradoshlarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap. Qolaversa, og‘ziga kelgan so‘zni gapirgan kishining obro‘si ham bir pul bo‘ladi.

“Yaxshi so‘z - jon ozig‘i”, - deydi, dono xalqimiz. So‘z g‘oyat katta kuch-qudratga ega vosita hisoblanadi. O‘sha kuchdan qay tarzda foydalana olish so‘zlovchiga bog‘liq. Ya’ni, bitta so‘z orqali o‘zining ezgu maqsadiga yetishi mumkin. Aksincha, turli xil yomon gap-so‘zlar biror kishining hayotiga nuqta qo‘yishi ham ehtimoldan holi emas.

Kishi biror bir yomon gapi orqali insonlarning dilini og‘ritib qo‘yishi mumkin. Axir, “O‘q yarasi bitar, so‘z yarasi bitmas”, “Tog‘u-toshni sel buzar, odamzotni so‘z buzar” kabi naqllar ham bejiz aytilmagan. Ular so‘zning qudratini yaqqol namoyon etadi. Muqaddas dinimizning manbalarida, xususan Quro’ni Karimda “Bandalarimga ayt, yaxshi so‘zlarni  so‘zlasin. Albatta, shayton ularning orasiga dushmanlik solib turadi” deyilgan. Bundan tashqari, birovning diliga ozor berib, uni vayron qilgan, xuddiki, Ka’bani vayron qilgan kabi bo‘lishi aytilgan. Anglashimiz mumkinki, muloyim va samimiy so‘zlash, nafaqat bu hayotimizni bezaydi, balki  insonning oxirati obod bo‘lishi yo‘lida ham asqotadi.

Sharqona odatlarga asosan ham, shirinso‘z bo‘lish ta’kidlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda “yuzida muloyimlik bo‘lmagan odam do‘kon ochishi mumkin emas” degan qoida bor.

Kundalik so‘zlashuvda “kechirasiz”, “aybga buyurmang” kabi so‘zlarni ko‘proq ishlatgan ma’qul. Hilmli bo‘lish suhbatdoshingizda “siz menga yoqasiz”,  “sizni ko‘rganimdan xursandman” degan taassurotni qoldirishi tayin. Insonni, ya’ni suhbatdosh kishini quvonch va e’tibor bilan tinglash kerak. Hilmli bo‘lishda esa, ko‘p kitob o‘qish muhim ahamiyatga ega. Badiiy kitob o‘qish orqali so‘z boyligimiz oshadi. Shundagina, “parazit” so‘zlardan va turli xil o‘rinsiz iboralarni aytishdan tiyila olamiz. Suhbatdoshimiz diliga xush yoqadigan so‘zlarni gapiramiz.

 

Комментариев нет:

Отправить комментарий